Rossiyaning “Medpribori” zavodi rasmiy vakili Vera Greznyova “360 Podmoskovye” telekanaliga bergan intervyusida “Dezar-7” nurlantiruvchi uskunasi xaridlarining keskin ortib ketgani haqida gapirib berdi. TJournal nashrining ma’lum qilishicha, uskuna Suriyadan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqishga bag‘ishlangan yig‘ilishdan olingan fotosuratga tushib qolgani bois mashhur bo‘lib ketgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvi 14-mart kuni Kremlda bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishdan olingan suratlardan birida orqa fonda dazmol taxtasiga o‘xshagan buyum ko‘rinib qolgan. Blogerlarning taftishlaridan so‘ng bu “Dezar-7” ekanligi aniqlandi.
“Kechagina ‘Dezar-7’ uchun to‘rt-besh buyurtma bor edi, bugun esa — 20 ta. Kechasi videoni ko‘rgandik, ammo ertalab vaziyatni tushunmadik. Hayron qoldik”, — tan oldi Greznyova.
Bitta nurlantiruvchining narxi 13 100 rubl (535 ming so‘m atrofida) turadi. Havoni zararsizlantirishga mo‘ljallangan uskuna o‘tkir respirator kasalliklari, sil, gripp, pnevmoniya va boshqa infeksion xastaliklar profilaktikasi uchun qo‘llanadi.
Izoh (0)