AQSh prezidenti Barak Obama joriy yilning aprel oyida Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidagi a’zoligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Londonga tashrif buyuradi. Bu haqda, The Independent on Sunday gazetasining elektron versiyasiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
AQSh yetakchisi 24-aprel kuni Germaniyadagi Hannover Messe texnologik ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. O‘sha kunlarda u Londonga ham boradi.
Gazetada ifodalangan farazga ko‘ra, Britaniyaning YeIdagi a’zoligini qo‘llab-quvvatlash kampaniyasiga Obamaning qo‘shilishi qirollik jamoatchiligi fikriga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. The Independent on Sunday buyurtmasiga asosan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga muvofiq, a’zolikni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan bosh vazir Devid Kemeronni Birlashgan Qirollikning 35 foiz aholisi qo‘llab-quvvatlasa, uning raqobatchisi — London meri Boris Jonson tarafdorlari 34 foizni tashkil qiladi.
Buyuk Britaniyaning Yevroittifoq tarkibida qolishi yoki undan chiqishi masalasi 23-iyun kuni o‘tkaziladigan referendumda hal bo‘ladi.
Izoh (0)