Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov, tennischi Mariya Sharapova, figurist Yekaterina Bobrova va boshqa bir qator sportchilar bilan bog‘liq doping mojarosi haqida fikr bildirar ekan, bu holatni butun Rossiya sportiga hamda uning yutuqlariga nisbat berish kerak emasligini ta’kidlab o‘tdi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
“Shubhasiz, Kremldagilar bundan xabardor, sport vazirligi orqali biz axborot olib turibmiz. Albatta, biz bundan afsusdamiz. Shu bilan birga, bu vaziyatni butun Rossiya sportiga nisbat berish kerak emas, axborotni bu holat Rossiya sportiga soya soladi, sportchilarimizning ajoyib natijalariga soya soladi, degan shaklda taqdim etmaslik kerak”, — dedi Peskov.
Peskov bunda gap faqat alohida sportchilar haqida ketayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Avvalroq rossiyalik tennischi, dunyoning eng boy ayol sportchisi Mariya Sharapova Los-Anjelesdagi maxsus matbuot anjumani chog‘ida 2016-yilgi Avstraliya ochiq chempionatida undan olingan namunalarda taqiqlangan dori — meldoniy topilganini tan oldi. Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) rossiyalik sportchi 12-martdan boshlab barcha musobaqalardan chetlatilishini ma’lum qildi.
Izoh (0)