Rossiyalik tennischi Mariya Sharapova 2016-yilning 1-yanvaridan taqiqlangan preparatlar ro‘yxatiga kiritilgan meldoniy haqida 2015-yilning dekabr oyida kamida beshta xabarnoma olgan. Bu haqda The Times’ga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
7-mart, dushanba kuni Los-Anjelesdagi maxsus matbuot anjumani chog‘ida Mariya Sharapova 2016-yilgi Avstraliya ochiq chempionatidan undan olingan namunalarda man etilgan dori — meldoniy topilganini tan oldi.
Nashrning qayd qilishicha, Butunjahon antidoping agentligi (WADA) meldoniyni taqiqlangan preparatlar ro‘yxatiga kiritilishi haqida sportchilarga 2015-yilning sentabr oyidan boshlab xabarnoma bera boshlagan. Shuningdek, Mariya Sharapova bu haqda xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) hamda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan xabardor etilgan.
Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) Sharapovaning 2016-yil, 26-yanvarda topshirgan doping-testi ijobiy chiqqanini ma’lum qilgandi. 2-mart kuni esa unga taqiqlangan preparat qabul qilinganlikda ayblov qo‘yilgan. Uning ishi borasida qaror e’lon qilinguniga qadar rossiyalik tennischi barcha WTA turnirlaridan diskvalifikatsiya qilindi. Ushbu diskvalifikatsiya 2016-yilning 12-martidan kuchga kiradi.
Mariya Sharapovaning ishi bo‘yicha dastlabki eshituvlar joriy yilning 23-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid:
Izoh (0)