Neft savdosidan tushgan daromadni o‘zlashtirishda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan eronlik milliarder Babak Zanjoniy hukm ustidan apellyatsiya berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda uning advokati Rasul Kupayezodaning bayonotiga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda
Zanjoniy xalqaro taqiqlash choralariga zid ravishda o‘tkazilgan oldi-berdi operatsiyalarida National Iranian Oil Co davlat korporatsiyasiga tegishli 2,7 milliard dollarni o‘zlashtirishda aybdor deb topilgan. Zanjoniydan tashqari, yana ikki kishi aybdor deb tan olindi. Ular ayni paytda o‘zlashtirilgan mablag‘ning kamida chorak qismini to‘lab berishi belgilangan.
Aytilishicha, Zanjoniy Mahmud Ahmadinajod prezidentligi yillarida Dubaydagi xoldingi orqali Eron rasmiylariga noqonuniy ravishda neft sotishga ko‘maklashgan, shu tufayli AQSh va YeIning sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan. Bu “xizmat”lari evaziga tijoratchi eronlik amaldorlardan 1,5 milliard yevro pora olgan.
Boyligi 13,5 milliard dollarni tashkil qiladigan Zanjoniy Hasan Ruhoniy prezidentlikka kelganidan so‘ng, 2013-yil dekabrida hibsga olingan edi. O‘shanda 12 deputat uning moliyaviy faoliyatini taftish qilish talabi ifodalangan murojaatni hukumatga yo‘llagan edi.
Izoh (0)