Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yana bir miting hozirlanmoqda, deb xabar beradi Meduza. Nomi oshkor etilmagan manbalarning ma’lum qilishicha, bu haqda respublika idoralari xodimlari va budjet tashkilotlari rahbarlariga ko‘rsatma berilgan.
“Barcha ishchilarni belgilangan vaqtda joyida bo‘lishi kerakligi haqida ogohlantirish tayinlandi. Odamlarning tashrif buyurishi uchun javobgarlik rahbar zimmasidadir”, — dedi respublika vazirliklaridan birining nomi keltirilmagan vakili.
Aytilishicha, mitingga imkon qadar ko‘proq odam yo‘llashga topshiriq berilgan. Ular Qodirovning portretlari yoki unga xayrixohlik aks etgan bannerlar bilan tashrif buyurishi lozim.
Miting aynan qachon o‘tkazilishi haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Ilgariroq Qodirov Instagram’dagi sahifasi orqali uning vakolatlarini uzaytirish uchun miting va boshqa aksiyalar o‘tkazmaslikni so‘ragan edi.
Izoh (0)