Bugun, 2-mart kuni Osiyo Chempionlar Ligasi “C” guruhi 2-turi doirasida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasi o‘z maydonida Toshkentning “Paxtakor” klubini qabul qiladi. Mazkur uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida “Paxtakor” ustozi No‘mon Hasanov va yarim himoyachi Suhrob Berdiyev ishtirok etdi, deb xabar beradi klub matbuot xizmati.
- “Al Hilol” Osiyoning eng kuchli klublaridan biri sanaladi. O‘yinga kelsak, biz g‘alaba uchun keldik. Chiroyli futbol ko‘rsatib, muxlislarni xursand etishni xohlaymiz. Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yinning birinchi bo‘limida bizda yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi, biroq ulardan foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa yigitlar xarakter ko‘rsatishdi. Butun bellashuv davomida faollik ko‘rsatib, hujumkor futbol namoyish etishning imkoni yo‘q. Jamoamizda biz amal qiladigan o‘yin falsafasi mavjud. Uni yanada shakllantirishga intilamiz, — deydi No‘mon Hasanov.
- Raqib kuchli, lekin biz o‘yinga juda yaxshi tayyorlandik. Bahsning ahamiyatini yaxshi tushunib turibmiz. Ichki chempionatda mavsumni hali boshlamadik, biroq shunday o‘yinlar bizga ishonch keltiradi. Osiyo Chempionlar Ligasidagi tajriba ichki musobaqalarda asqotadi. Murabbiylar ko‘rsatmalarini bajarib, uchrashuvda zafar quchishga harakat qilamiz, — deydi “Paxtakor” yarim himoyachisi Suhrob Berdiyev.
Ma’lumot uchun, “Al-Hilol” — “Paxtakor” uchrashuvi bugun, 2-mart kuni Ar-Riyod shahridagi Prince Faisal bin Fahd Stadium stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 22:30 da start oladi.
Izoh (0)