“Barselona” jamoasi hujumchisi Luis Suaresga Ispaniyaning xalqaro axborot agentligi EFE tomonidan Ispaniya chempionatining 2014/15-yilgi mavsumidagi eng yaxshi Lotin amerikalik futbolchisi uchun beriladigan EFE Trophy sovrini topshirildi. Bu haqda EFE agentligi xabar bermoqda.
Urugvaylik futbolchiga ushbu sovrinni EFE’ning sport bo‘limi boshlig‘i Luis Vilyarexo topshirdi. Taqdirlash marosimi “Barselona” klubining qarorgohida o‘tkazildi va unda kataloniyaliklar uchinchi vitse-prezidenti Xordi Mestre ham qatnashdi.
Luis Suares ushbu sovringa loyiq topilgan uchinchi urugvaylik futbolchi bo‘ldi. Undan avval Xose Luis Salazar (1991/92) va Diyego Forlan (2004/05) EFE Trophy’ni qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot o‘rnida, EFE Trophy sovrini 1990/91-yilgi mavsumda ta’sis etilgan bo‘lib, har yili agentlikning sport muharrirlari tomonidan La Liganing Lotin amerikalik eng yaxshi futbolchisi aniqlab kelinadi.
Izoh (0)