Vashington okrugi bo‘yicha AQSh Federal apellyatsiya sudi hakamlarning Samsung kompaniyasi Apple korporatsiyasiga 119,6 million dollar miqdorida jarima to‘lashi lozimligi haqidagi qarorini bekor qildi. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasi xabariga tayangan holda “RBK” yozmoqda.
2014-yil mayida hakamlar Samsung Apple’ning uchta patenti, shu jumladan, telefonni blokdan chiqarishda qo‘llanadigan slide to unlock texnologiyasidan noqonuniy foydalanmoqda, degan xulosaga keldi. Janubiy Koreya kompaniyasi amerikalik da’vogarga 119,6 million dollar tovon puli to‘lashi belgilandi. O‘z navbatida, Apple ham Samsung’ning raqamli foto va videofayllarni siqish patentini buzganlikda aybdor deb topilib, raqibiga 158 ming dollar to‘laydigan bo‘ldi.
Endilikda sud Apple’ning slide to unlock hamda “tezkor havolalar” patentlarini “kunday ravshan”ligi tufayli qonuniy kuchdan mahrum qildi. Bundan tashqari, sud ishni qayta ko‘rib chiqib, Samsung uchinchi patentni ham buzmagan, degan xulosaga keldi. Shu tariqa, tovon pulini to‘lash majburiyati bekor qilindi.
Sud, shuningdek, Apple Samsung’ga 158 ming dollar to‘lashi bilan bog‘liq qarorni kuchda qoldirdi. Buni Samsung vakili “ulkan g‘alaba” deb baholadi, Apple matbuot kotibi esa biror izoh berishdan bosh tortdi.
Patent urushi gigant korporatsiyalar o‘rtasida 2011-yildan buyon davom etmoqda. Apple ikki marta sudga shikoyat qilib, zararni undirish uchun 4,5 milliard dollar talab qilgan edi. 2012-yilda sud Samsung’ni Apple’ning oltita patentini buzganlikda aybdor deb topdi, pirovardida Janubiy Koreya kompaniyasi 548 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi.
Izoh (0)