Joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarining boshlanishiga 200 kun qoldi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida Respublika ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
2016-yilning 7–18-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini 24 nafar sportchi himoya qiladi. Yozga qadar ularning soni oshishi kutilmoqda.
“May oyida, bir qator xalqaro musobaqalar yakuniga yetganidan so‘ng, Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan ishtirokchilar soni 30 va undan ortiq bo‘lishiga umid qilyapmiz”, - deydi matbuot anjumanida Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi Bosh kotibi Omon G‘ofurov.
Rioda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida 4350 nafar sportchi 22 sport turida 528 to‘plam medallar uchun kurash olib boradi. O‘zbekistonlik paralimpiyachilar yengil atletika (10 ta yo‘llanma), dzyudo (8), suzish (4), o‘q otish (1), pauerlifting (1) sport turlarida ishtirok etadi. Paralimpiyaning yana 2 ta yo‘llanmasi o‘zbekistonlik kanoeda eshkak eshuvchilarga berilishi kafolatlangan, ammo, bu hozircha rasman tasqidlanmagan.
Izoh (0)