Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geytsning Financial Times nashriga bergan intervyusida aytishicha, gap terrorga qarshi kurash borasida ketganida, xususiy tashkilot va korxonalar davlatga foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim. Bu haqda TJournal xabar qilmoqda.
“Bu konkret holat, unda davlat axborotga daxl qilishga ruxsat so‘ramoqda. Ular umumiy narsani so‘ramayapti, ular faqat xususiy bir holat uchun so‘ramoqda... Bu operatordan birovning telefon aloqasi yoxud bank hisobi haqida ma’lumot olish bilan bog‘liq masaladan mutlaqo farq qilmaydi. Davlat so‘rayotgan axborot bilan uning o‘rtasida hech qanday farq yo‘q... Savol oddiy: saylovchilar davlat ayrim holatlarda turli-tuman axborotga daxl qila olishini istaydimi?” – dedi Geyts.
Shu bilan birga, uning fikricha, agarda Apple bir marta bunday turdagi axborotni taqdim etishga ko‘nsa, bu ishni keyinchalik ham amalga oshira olishini ommaviy tarzda tan olgan bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni AQSh sudi Apple korporatsiyasi Federal qidiruv byurosi xodimlariga “San-Bernardino mergani”ning telefonini buzib, undagi ma’lumotlarni olishda yordam berishi lozimligi haqida qaror qabul qildi. Sud qaroriga muvofiq, korporatsiya shu paytga qadar terrorchilardan biri Said Faruqning mobil uskunasi ma’lumotlariga buzib kira olmayotgan FQB xodimlariga maxsus dasturiy ta’minot taqdim etishi talab qilinadi. Korporatsiya rahbari Tim Kuk bunga javoban sud qaroriga rasmiy e’tiroz bildirilishini ta’kidlab o‘tdi.
Muqaddam Google, WhatsApp, Facebook va Twitter kompaniyalari Apple’ni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)