Rossiyaning Arxangelsk viloyatida joylashgan koloniyada qamoq muddatini o‘tayotgan mahbus politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, bir qancha obyektlar, shu jumladan, prezident ma’muriyati binosiga bomba qo‘yilgani haqida yolg‘on xabar berdi. “RBK” nashrida ta’kidlanishicha, telefon terrorchisining bu xabari politsiyani va ma’muriyat rasmiylarini jiddiy xavotirga qo‘ygan.
Kecha, 18-fevral kuni, politsiyaga yashirin qo‘ng‘iroq amalga oshirilgan. Noma’lum shaxs prezident ma’muriyati, “Sberbank”, shahar univermagi va bir nechta “Ashan” gipermarketlariga bomba o‘rnatilganidan ogohlantirgan. Bu xabardan so‘ng tarmoqning 12 do‘konida tadbirlar o‘tkazilib, jami 11 ming kishi evakuatsiya qilingan. Shuningdek, boshqa binolarda ham evakuatsiya ishlari olib borilgan. “Sberbank”ning markaziy ofisida hamda prezident ma’muriyatida o‘tkazilgan bomba qidiruvlari natija bermagan.
Aniqlanishicha, telefon qo‘ng‘irog‘ini kalugalik 33 yoshli erkak qamoqdan turib amalga oshirgan. U 2002-yilda bosqinchilikda va qotillikda ayblanib hibsga olingan bo‘lib, 16 yillik jazo muddatini o‘tamoqda.
Ayni paytda unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh (0)