Rossiyadagi Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi Aleksey Navalniy Rossiya prezidenti Vladimir Putin ustidan ma’muriy da’vo berdi. Da’vo Moskvaning Tver tumani sudiga berilgan, deb yozadi Meduza.
Navalniyning fikricha, Putin aksiyadorlari orasida Kirill Shamalov ham bo‘lgan “Sibur” kompaniyasiga Milliy farovonlik jamg‘armasidan mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzolayotganida, manfaatlar to‘qnashuvi haqida ma’lum qilmagan.
Avvalroq OAV tomonidan Kirill Shamalov Vladimir Putinning qizi deb taxmin qilinayotgan Katerina Tixonovaning eri sifatida tilga olingan edi. Navalniyning ta’kidlashicha, Putin “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunni buzgan.
Bir qator OAVlarning surishtiruviga ko‘ra, Vladimir Putinning kichik qizi deb taxmin qilinayotgan, “Innopraktika” fondi direktori Katerina Tixonova “Sibur” kompaniyasi egalaridan biri Kirill Shamalovning nikohida ekanligi 2015-yil noyabrida Reuters’ning surishtiruvidan so‘ng ma’lum bo‘lgandi. Mazkur surishtiruvda Shamalov va Tixonovaning Fransiyada 3,7 million dollarlik villasi borligi haqida ham so‘z boradi.
Katerina Tixonova Putinning qizi ekani haqidagi ma’lumotlarning rasmiy tasdig‘i hozircha yo‘q.
Kirill Shamalov 2014-yildan “Sibur” kompaniyasining 20 foiz aksiyalariga egalik qiladi. U “Rossiya” banki egalaridan biri Nikolay Shamalovning o‘g‘lidir.
Izoh (0)