Renault bosh direktori Karlos Gon Fransiya avtomashina ishlab chiqaruvchi korxonasining Xitoyda 30 000 yuan (4200 yevro) qiymatidagi elektromobil sotish va ushbu rusumdagi transport vositasini boshqa rivojlanayotgan bozorlarga olib chiqish rejasi borligini bayon qildi. Bu haqda “LesEchos.fr” bergan ma’lumotlarga asosan “Vedomosti” xabar qilmoqda.
“Xitoy bozoriga qimmat bo‘lmagan elektromobil taklif qilish niyatimiz bor. Bu bozorda yaqin yillarda inqilobiy o‘zgarishlar kutilmoqda”, ― dedi Gon Renault’ning Xitoydagi ilk zavodini ishga tushirish marosimida.
Renault va Nissan bosh direktori Gonning ma’lum qilishicha, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamning darajasidan qat’i nazar, raqobatbardosh bo‘lish kerak. Ayni vaqtda Xitoy hukumati elektromobil xarid qilish niyatida bo‘lgan xaridorlarga 100 ming yuan miqdorida ko‘mak berib kelayotgan bo‘lsa-da, bu yordam faqat mahalliy avtomashinalarga nisbatan tatbiq etilmoqda. Shuning uchun, elektrik transport vositalari, shu jumladan, Nissan’ning arzon elektromobili Renault-Nissan ittifoqining savdo belgilari ostida emas, balki, korxonaning Xitoydagi sherigi Dongfeng yoki boshqa mahalliy ishlab chiqaruvchining brendi bilan sotuvga chiqariladi.
Ma’lum qilinishicha, ittifoq Osiyo va Janubiy Amerikaning yirik megapolislaridagi ekologik muammolarning ko‘payib ketayotganligiga asoslangan holda faoliyat yuritish niyatida. Shu bilan birga, katta shaharlarning elektrik avtomashinalarga nisbatan bo‘lgan qiziqishi oshib borayotganligiga qaramasdan, arzon neft bu kabi texnikaning avtomashina bozoridagi ulushini cheklab turmoqda.
Izoh (0)