AQSh federal hukumati mashina boshqarish jarayonida mobil telefon orqali so‘zlashishni, jumladan, qo‘llarni band qilmaydigan turli qurilmalardan foydalanib so‘zlashishni ham butunlay taqiqlashni taklif qilmoqda. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
Ular, shuningdek, haydovchining qonida alkogolning ruxsat beriladigan miqdorini kamaytirishni istamoqda. Bularni ko‘zda tutuvchi hujjat AQShning transport xavfsizligi bo‘yicha Milliy kengashi (NTSB) tomonidan ishlab chiqilgan va tarqatilgan bo‘lib, tavsiya etuvchi xarakterga ega.
Statistikaga ko‘ra, 2014-yilda AQShda haydovchining parishonxotirligi bilan bog‘liq avtohalokatlarda uch mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
“Haydovchining qo‘llari rulda bo‘lishi lozim bo‘lganidek, uning diqqat-e’tibori ham yo‘lga qaratilgan bo‘lishi lozim”, — deydi NTSB rahbari Kristofer Xart.
Spirtli ichimlikni iste’mol qilish masalasida esa NTSB ruxsat beriluvchi miqdorni 0,05 promille va undan kamroq darajada belgilashni taklif qilmoqda. Hozirgi paytda mamlakatning aksariyat shtatlarida bu ko‘rsatkich 0,08 promilleni tashkil etadi.
Izoh (0)