Italiya tergov organlari mamlakatdagi sotuvdan tushgan haqiqiy foydani yashirganlikda gumon qilgan Apple kompaniyasi soliq organlariga 318 million yevro to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqda La Repubblica gazetasi ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar beradi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika korporatsiyasining Italiyadagi Apple Italia bo‘limi 2008—2013-yillar davomida Italiya hududidagi sotuvdan tushgan haqiqiy daromadi haqida yolg‘on ma’lumot bergan. Shu tariqa, jami 880 million yevro miqdoridagi soliqlarni to‘lamagan.
Nashrning ta’kidlashicha, Apple’ning soliqlar to‘lovidan qutulib qolishiga quyidagi mexanizm ish bergan: Apple Italia Irlandiyaning Apple sales International kompaniyasining maslahatchi-kompaniyasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Mashhur telefon, planshet va kompyuterlar sotuvini go‘yoki Irlandiya kompaniyasi amalga oshirgan.
Ko‘rsatilgan davr mobaynida Apple Italia’ning daromadi 30 million yevrodan biror marta ham oshmagan. Aslida esa sotuv hajmi tizimli ravishda bir milliard yevrodan oshgan.
Tergov doirasida amalga oshirilgan tekshirishlar bir necha oy davom etdi. Natijada Apple unga nisbatan bildirilgan shikoyatlarni tan olib, soliqlarni to‘lab berishga rozi bo‘ldi.
Izoh (0)