Bir haftaga yaqin Liviyada bo‘lgan Amerika maxsus topshiriqli bo‘linmasining jangchilari Liviya tomoni talabiga ko‘ra, mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Pentagon vakilining ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Avvalroq Liviya Harbiy-havo kuchlarining Facebook’dagi sahifasida miltiqlar bilan qurollangan fuqarolik kiyimidagi bir guruh erkaklarning surati paydo bo‘lgan edi. Pentagon vakili ularning aynan Amerika maxsus topshiriqli bo‘linmasi jangchilari ekanligini tan oldi.
U AQSh harbiylari Liviyaga “hukumat bilan kelishuvga asosan” kelganligini ta’kidladi.
“Amerikalik harbiy xizmatchilar Liviya milliy armiyasidagi hamkorlari bilan aloqalarni kengaytirish hamda munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun 14-dekabr kuni Liviyaga yetib kelgan edi. Biroq ular Liviyaga kelgandan so‘ng, mahalliy xavfsizlik kuchlari vakillari ularning ketishini talab qildi. Mojaro yuzaga kelishining oldini olish uchun amerikaliklar mamlakatni tark etdi”, — deydi harbiy mansabdor.
Izoh (0)