Xalqaro olimlar jamoasi, nihoyat, birinchi itlar paydo bo‘lgan vaqt va joyni aniqlashga erishdi. Genetik ma’lumotlarga asoslangan xulosalarga ko‘ra, dastlabki itlar 33 ming yil avval Sharqiy Osiyo janubida paydo bo‘lganligi aniqlandi. Bu haqda Cell Research jurnali xabar beradi.
Tadqiqotlarga itlarning kelib chiqishi bilan 15 yildan beri shug‘ullanuvchi shved genetigi Peter Savolaynen boshchilik qildi. Genetikning ta’kidlashicha, arxeologik ma’lumotlar juda oz va noto‘liq bo‘lganligi sababli itlarning qo‘lga o‘rgatilishi tarixiga eng yaxshi “darcha” bu DNK tahlillari hisoblanadi.
2002-yilda Savolaynen va uning hamkasblari butun dunyo bo‘yicha 654 ta itning mitoxondrial DNKsini tahlil qildi. Natijada maksimal genetik xilma-xillik bo‘yicha Sharqiy Osiyo (ushbu hududga Rossiyaning Uzoq Sharq, Xitoy, Tayvan, Yaponiya, KXDR, Koreya Respublikasi va Mo‘g‘uliston hududlari kiradi) vakillari ajralib turishi aniqlandi.
2009-yilda olimlar ushbu hudud chegaralarini yanada aniqlashtirdi: bu janubiy Xitoy, shimoliy Tailand, Vyetnam va Laos hududlarini o‘z ichiga oldi.
Izoh (0)