National Geographic nashri yuzma-yuz kelib qolgan paytda maksimal darajada ehtiyotkor bo‘lish kerak bo‘lgan o‘nta o‘ziga xos jonivorni sanab o‘tdi. Shunisi qiziqki, ularning ba’zilari tashqi ko‘rinishidanoq kishida shubha uyg‘otsa, qolganlari butunlay bezarar tuyuladi.
Begemot dangasa va ko‘ngilchan mavjudot sifatida tasvirlansa-da, aslida ular har yili Afrikadagi boshqa jonivorlarning barchasiga qaraganda ko‘proq odamlarni o‘ldiradi. Ular o‘z hududini asrovchi, tajovuzkor hayvonlardir.
Ko‘k halqali sakkizoyoqning asab-paralitik zahari odamni sanoqli daqiqalardayoq o‘ldira oladi, unga qarshi dori mavjud emas. Qurbonni faqat zudlik bilan amalga oshirilgan yurak-o‘pka reanimatsiyasi qutqarishi mumkin.
Ikki rangli pitoxu zaharli qo‘ng‘izlarni yeyish natijasida tanasida o‘ldiruvchi toksinlarni yig‘adi. Bundan tashqari, ular inlaridagi tuxumlarga zahar surib qo‘yish yo‘li bilan ularni yirtqichlardan himoya qiladi.
Daraxtda o‘rmalovchi baqa olamga go‘zalligi va zaharliligi bilan tanilgan. Janubiy va Markaziy Amerika tub aholisi ularning og‘usidan foydalanib, zaharli nayzachalar yasagan.
Ikki rangli pelamida — dengiz ilonining zahri qirollik kobrasinikidan ham kuchliroq bo‘lib, katta odamni osongina o‘ldiradi.
Ninaqorinlilarning tanasi o‘ldiradigan zaharga ega, bundan tashqari, ular shishib, ninali sharga aylanadi, shunda ularni hech qanday yirtqich yeya olmaydi.
Konuslar — yirtqich qorinoyoqli mollyuskalar neyrotoksinlar ishlab chiqaradi va ular yordamida o‘z qurbonlari tanasini eritib yuboradi. Bunday zahar odamni bir necha soniyaga hushdan ketkizishi, ba’zi hollarda, o‘ldirishi ham mumkin.
Leiurus quinquestriatus — “pisinib turgan qotil” yer yuzidagi eng xavfli chayondir. Uning zahri kuchli og‘riqni keltirib chiqarib, nafas olishni qiyinlashtiradi, natijada bu o‘limga olib keladi.
Bumslang zaharli iloni ulkan qoziqtishlari, kuchli zahari va o‘tkir ko‘zi bilan taniqli.
Lonomia olbiqua Braziliyada “qotil qurt” deb atalib, o‘tkir tikanlarga ega. Bu tikanlarda kuchli zahar bo‘lib, u qonning ivishiga yo‘l qo‘ymaydi, shuningdek, qorasonnikiga o‘xshash simptomlarni keltirib chiqaradi.
Izoh (0)