“O‘zbekiston kabel televideniyesi” kompaniyasi bosh direktori F.Qodirov ayrim xorijiy telekanallarning O‘zbekiston hududidagi translyatsiyasi to‘xtab qolgani sabablarini tushuntirdi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi xabar bermoqda.
F.Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradiomahsulotlari tarqatish O‘zbekiston Prezidentining 2006-yil 2-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom bilan tartibga solinadi.
Nizomning 8-bandiga muvofiq, amaldagi konstitutsion tuzumni zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan o‘zgartirish, mamlakatning hududiy yaxlitligini buzish, urush, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib etish, shuningdek, axloqiy, ma’naviy qadriyatlar, aholining, ayniqsa, yoshlarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishiga zarar yetkazuvchi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan ma’lumotlarni tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Mazkur Nizom talablariga ko‘ra, shuningdek, ayrim texnik sabablarga binoan, ba’zi telekanallar O‘zbekiston hududida tarqatishga ruxsat etilgan telekanallar ro‘yxatidan chiqarildi”, — deydi F.Qodirov.
Xabarda aynan qaysi telekanallarning translyatsiyasi to‘xtatilganiga aniqlik kiritilmagan.
Izoh (0)