Xorazm qovunlari dovrug‘i azaldan dunyoga mashhur. Shu bois ushbu totli ne’matning xorijda ham xaridorlari bisyor. Buni hisobga olgan tadbirkor Sa’dulla Xo‘jayev tashqi bozor talablarini puxta o‘rganib, yangilikka qo‘l urdi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi” gazetasi.
Natijada Urganch tumanining Bekobod qishlog‘ida chet el investitsiyasi ishtirokida “Xorazm qovunlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Shu tariqa vohada yetishtiriladigan qovunlarni zamonaviy usulda qayta ishlab, eksportga jo‘natish imkoniyati yaratildi.
— Qiymati 500 ming AQSh dollarilik texnologiyalarimiz yiliga 300 tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega, — deydi korxona rahbari S. Xo‘jayev. — Ushbu ilg‘or uskunalar yordamida po‘chog‘idan ajratib olingan qovun mag‘zi qayta ishlanib, qadoqlanadi va muzlatiladi. Uning urug‘lari esa saralanib, quritilib, kelgusi yil hosili uchun fermer xo‘jaliklariga tarqatiladi. E’tiborlisi, mahsulotlarimizni to‘liq eksportga jo‘natishni rejalashtirayapmiz.
Yana bir muhim jihati, 25 kishining bandligi ta’minlangan korxonaga eksportbop qovun yetishtirish uchun 50 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Bu yerda hosilni sifatli saqlash maqsadida 400 tonna sig‘imga ega muzlatkich ham bunyod etildi.
Izoh (0)