Misrning Sharm-ash-Shayx aeroporti ma’muriyati Misrda qulagan samolyotning texnik holati, parvoz arafasidagi ko‘rigi, yonilg‘i miqdori va bortidagi yo‘lovchilari soni haqidagi barcha hujjatlarni tergovchilarga topshirdi. Bu haqda, “TASS” xabariga ko‘ra, aeroport bayonotida ma’lum qilingan.
Aeroport ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari Rossiya fuqarolari bo‘lgan. Misr Fuqaro aviatsiyasi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, samolyot bortida 63 nafar erkak, 138 nafar ayol va 2—17 yosh oralig‘idagi 17 nafar bola bo‘lgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha aviahalokat natijasida omon qolganlar topilgani yo‘q. Ayni vaqtda, Metrojet (“Kogalimavia”) aviakompaniyasiga tegishli Airbus 321 ning “qora quti”laridan biri topilgani xabar qilindi.
Metrojet (“Kogalimavia”) aviakompaniyasining Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan Airbus 321 samolyoti 31-oktabr, shanba kuni havoga ko‘tarilganidan 23 daqiqa o‘tib quladi. Layner bortida 224 kishi bo‘lgan. Hodisa joyida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 100 ga yaqin qurbonning jasadi topilgan.
Airbus 321 ning bo‘laklari Sinay yarimoroli shimolida topildi. Misr ma’muriyatining taxminicha, aviahalokatga texnik nosozliklar sabab bo‘lgan. Aviahalokat sabab Rossiyada 1-noyabr umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi.
Izoh (0)