App Store’da iPhone 6s’dagi 3D Touch texnologiyasiga asoslangan tarozi funksiyasiga ega bo‘lgan dasturni chop etishga harakat qilgan ishlab chiqaruvchilar Apple kompaniyasidan og‘zaki rad javobini oldi. Bu haqda Tjournal xabar berdi.
27-oktabr kuni ishlab chiqaruvchi Blackbox Puzzles hamda Apple va Airbnb sobiq xodimi Rayan Makliod o‘zining Medium’dagi blogida iPhone 6s’da birinchi marta paydo bo‘lgan 3D Touch texnologiyasidan foydalanib tarozi dasturini yaratish borasidagi muvaffaqiyatsiz tajribasi haqida so‘zlab berdi.
To‘rt kun ichida Makliod va uning hamkasblari dasturning ishchi versiyasini yaratishga erishdi va unga Gravity deb nom berdi. O‘lchash uchun idish sifatida ular qoshiqdan foydalanishni taklif etdi. Qoshiq ham odam barmog‘i singari elektrni o‘tkazib, ekranga faqat bir nuqtada tegar va foydalanish uchun qulay edi.
29-sentabr kuni ishlab chiqaruvchilar Gravity’ni App Store’ga yubordi. 15-oktabrda Makliod va uning hamkasblari Apple’dan og‘zaki rad javobini oldi: kompaniya “tarozi dasturi App Store’ga to‘g‘ri kelmasligini” ma’lum qildi.
Makliod Apple’ning bunday siyosatini foydalanuvchilar og‘irroq buyumni o‘lchashga urinib iPhone 6s’ning ekraniga shikast yetkazishi mumkinligi bilan izohladi.
Izoh (0)