Ko‘rinmas plashch haqidagi ertaklar haqiqatga aylangan ko‘rinadi. Hozircha uning imkoniyatlari cheklangan, biroq plashch mualliflarining ta’kidlashicha, ular haqiqatan ham odamlarni ko‘rinmas qilib qo‘yadigan kiyimni taklif qila oladi. Bu haqda BigPicture xabar beradi.
Berklidagi Kaliforniya universitetining amerikalik bir guruh olimlari ilmiy fantastikada tasvirlangan ko‘rinmas plashchga maksimal darajada yaqin bo‘lgan prototipni yaratdi. Ishlab chiqilgan tizim hozircha faqat mikroskopik obyektlarni kishilar nigohidan yashira oladi.
Yangi plashch yorug‘likni akslantirish tamoyiliga asoslanadi, biroq bunda kuzatuvchi obyekt ortidagi tasvirni ham ko‘ra oladi.
Olimlar bu texnologik ishlanmaning ham harbiy, ham fuqarolik sohasida qo‘llanilishiga umid qilmoqda. Yaqin 5—10 yil ichida tadqiqotchilar yaratilgan usulni yanada kattaroq obyektlarga moslashtirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq germaniyalik olimlar ham ichidagi odamni boshqalarning ko‘zidan yashira oladigan ko‘rinmas yopinchiq ixtiro qilganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)