Rossiyalik alpinist dengiz sathidan 7 ming metr balandlikda joylashgan Lenin cho‘qqisini zabt etish chog‘ida halok bo‘ldi, deb xabar beradi “Kommersant.ru”.
Qirg‘iziston Qurolli kuchlari Bosh shtabi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Respublika Qurolli kuchlariga tegishli vertolyot rossiyalik alpinistning jasadini Osh shahriga olib kelgan.
“Shu bortning o‘zida Lenin cho‘qqisiga chiqishda jarohat olgan fransuz alpinisti ham shaharga olib kelindi”, — deyiladi matbuot xizmatining bayonotida. Qirg‘iziston harbiylari Rossiya fuqarosining ismi va familiyasini hozircha oshkor qilmadi. “Bu ma’lumot hozir aniqlashtirilmoqda. Faqatgina u dengiz sathidan 4 ming metr balandlikdan qulab tushgani ma’lum”, — deb qo‘shimcha qildi Bosh shtab matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq rossiyalik uch alpinist Lenin cho‘qqisiga chiqishda halok bo‘lgani xabar qilingandi.