Nyu-Yorkda o‘tkazilgan XVII asrda cho‘kib ketgan Ispaniyaning “Nuestra Senyora de Atocha” kemasiga mansub qimmatbaho buyumlar kimoshdi savdosi tushumi 2 million dollar atrofida bo‘ldi. Bu haqda Guernsey’s auksion uyi vakillariga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Ispaniyaga 40 tonnaga yaqin oltin va kumush yombilar, tangalar, qimmatbaho buyumlarni olib ketayotgan kema 1622-yil 6-sentabrda halokatga uchraydi. Uning qoldiqlarini 1985-yili Mel Fisher boshchiligidagi qidiruv guruhi topgan.
Kema topilganining o‘ttiz yilligi sanasida bir paytlar unga tegishli bo‘lgan 40 dan ziyod buyum sotuvga qo‘yildi. Oltin jom (413 ming dollar), zumrad bilan bezangan xoch (119 ming dollar), zarrin plastina (salkam 94 ming dollar) va tilla qoshiq (62,5 ming dollar) kimoshdi savdosida xaridorini topgan eng qimmat buyumlar bo‘ldi.