TJournal nashri paparatssi Mixail Gulkoning omadli kadr ketidan quvib “yulduzlar ovi”ga chiqishning o‘ziga xos jihatlari hamda fotosuratlarni sotishdan tushadigan mablag‘ miqdori haqida so‘zlab berganlarini keltirdi.
Ba’zi vaziyatlarda Gulko zarur fotosuratni tushirish uchun oylab pistirmada o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan, biroq ushbu biznesda eng baland narx bitta rasm uchun 10—15 ming dollarga teng.
Gulko Shvetsiya malikasi Madlenning o‘z iti axlatini tozalab olayotgani aks etgan suratni Fransiya agentligiga 10 ming dollarga pullagan bo‘lsa, aktrisa Dryu Berrimorning eri va farzandi bilan sayr qilib yurgan rasmi 3 ming dollarga sotilgan.
Ba’zan paparatssi nashrlar o‘rtasidagi raqobat tufayli katta pul ishlab olishi mumkin. Masalan, qo‘lida US Weekly jurnalini olib ketayotgan Jennifer Eniston suratini ushbu nashrning raqobatchisi People Magazine 500 ming dollarga sotib olgan. Nashr ushbu surat hech qachon chop etilmasligini istagan.
Yulduzlarning qayerda ekanligi haqida suratkashlar boshqa hamkasblari orqali bilib oladi, xususiy detektiv yollaydi yoki mehmonxona xizmatchilariga pora beradi. Fotosurat omadli chiqishi ehtimolini oshirish uchun paparatssi jamoa bo‘lib ishlaydi va foydani bo‘lib oladi.
Izoh (0)