AQShning taniqli Mercer konsalting firmasi xorijdan kelib ishlovchilar uchun eng qimmat shaharlarning 2015-yilgi reytingini e’lon qildi. Unga binoan, Angola poytaxti Luanda ketma-ket uchinchi yil xorijlik ishchilar uchun eng qimmat shahar deb topildi.
Shuningdek, reytingda dastlabki o‘nlikdan Gonkong, Syurix (Shveysariya), Singapur, Jeneva (Shveysariya), Shanxay (Xitoy), Pekin (Xitoy), Seul (Janubiy Koreya), Bern (Shveysariya) va Njamena (Chad) o‘rin olgan. Reytingga jami 211 ta shahar kiritilgan.
Reytingda so‘nggi o‘rinda qayd etilgan Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahri xorijlik ishchilar uchun eng arzon shahar deb topilgan. E’tiborlisi, reytingga Toshkent shahri ham kiritilgan — Ottava (Kanada) va Addis-Abeba (Efiopiya) bilan birgalikda 162-o‘rinni egallagan O‘zbekiston poytaxti chet eldan kelib ishlovchilar uchun eng arzon shaharlardan biri bo‘lgan.
Shuningdek, reytingda eng arzon shaharlar sifatida Tbilisi (Gruziya), Managua (Nikaragua), Keyptaun (JAR), Minsk (Belarus), Banjul (Gambiya), Skopye (Makedoniya), Tunis, Karachi (Pokiston) va Vindxuk (Namibiya) ko‘rsatilgan. MDH shaharlaridan Boku (Ozarbayjon) 33, Moskva (Rossiya) 50, Olma-ota (Qozog‘iston) 94, Ashxobod (Turkmaniston) 127, Sankt-Peterburg (Rossiya) 152, Kiyev (Ukraina) 184, Yerevan (Armaniston) 192-o‘rinda qayd etilgan.
Izoh (0)