Shu kunlarda O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax hamda Osiyo Olimpiya kengashi rahbari Shayh Ahmad Al Fahad Al Sabah O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Mirabror Usmonov hamrohligida “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Mehmonlarni “Bunyodkor” FK prezidenti Bedil Alimov va boshqa mas’ul shaxslar kutib oldi. Mehmonlar “Bunyodkor” stadionidagi O‘zbekiston futboli tarixi muzeyi bilan tanishdi. Stadionda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. “Bunyodkor” futbol maktabi haqida ma’lumot oldi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga matbuot anjumanida javob qaytardi.
XOQ prezidenti O‘zbekistonda hukumat tomonidan yosh avlodni sog‘lom tarbiyalash uchun sportga qaratilayotgan yuksak e’tiborni alohida ta’kidlab o‘tdi. Tomas Bax o‘zbekistonlik sportchilarga Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan olimpiada o‘yinlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Osiyo Olimpiya kengashi rahbari ham O‘zbekistondagi sog‘lom turmush tarziga havas bilan qarab, bu borada mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlariga to‘xtalib o‘tdi. Shayh Ahmad Al Fahad Al Sabah o‘zbek xalqi haqida gapirar ekan, bergan va’dasini albatta bajarishini ta’kidlab o‘tdi.
“O‘z so‘ziga vafo qiluvchi o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorligimizni yanada rivojlantirayotganimizdan xursandmiz”, — deydi Shayh Ahmad Al Fahad Al Sabah.
Izoh (0)