BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Toshkentdagi matbuot anjumanida O‘zbekiston Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishganini e’tirof etdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Jumladan, u mamlakatning qashshoqlik va onalar o‘limi ko‘lamini kamaytirish, boshlang‘ich ta’limga barchaning imkonini ta’minlash, boshlang‘ich va o‘rta ta’limda jinslar tengligini ta’minlashdagi yutuqlarini ta’kidladi. Shuningdek, Pan Gi Mun O‘zbekistonning Afg‘onistonga ko‘mak berishda qatnashishi va Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hudud yaratilishidagi rolini yoqladi.
“Bu yutuqlar va mamlakat tomonidan qabul qilingan majburiyatlar Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan insonlarga yo‘naltirilgan ijtimoiy−iqtisodiy islohotlarning barqaror borishi samarasidir”, − dedi Pan Gi Mun.
Tashrif davomida BMT bosh kotibi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan uchrashdi. Ularda BMT kun tartibidagi global masalalarning keng qamrovi, jumladan Orol dengizi fojeasi oqibatlarini yumshatish va inson huquqlari himoyasini ta’minlash muhokama qilindi.
Pan Gi Mun Orol dengizi masalasida xalqaro hamjamiyatning ko‘proq ishtirokini ta’minlash lozimligini ta’kidlab, BMT O‘zbekistonning rivojlanish hamda mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Izoh (0)