Shvetsiyalik olimlar 40 yoshdan katta insonlar besh yil ichida vafot etishi yoki etmasligini aniqlovchi Ubble nomli onlayn test ishlab chiqdi, deb xabar bermoqda “TJournal.ru”.
Testdan o‘tish uchun erkaklar 13 ta, ayollar 11 ta savolga javob berishi lozim. Test chekish, qandli diabet, birga yashaydigan odamlar soni, qulay yurish tempi, saraton, farzandlari soni, va yaqin qarindoshlari o‘limi kabi mavzularni qamrab olgan. Biroq og‘irlik, ovqatlanish, alkogol iste’moli singari omillar inobatga olinmagan.
Barcha savollarga javob berilgach, foydalanuvchiga besh yil ichida vafot etishi ehtimoli ma’lum qilinadi. Ubble yoshi haqiqiy yoshdan ancha yuqori bo‘lsa, unga hayot tarzini o‘zgartirish maslahat beriladi.
Qayd etilishicha, test 500 ming nafar britaniyalik ko‘ngilli o‘z sog‘lig‘i to‘g‘risida 655 ta savolga javob bergan tadqiqot natijasiga ko‘ra ishlab chiqilgan. Ulardan 8532 nafari besh yil ichida vafot etgan. Shundan keyin olimlar savollarni qisqartirgan. Keyin yana 35 ming kishi sinovdan o‘tkazilib, 80 foiz aniqlik qayd etilgan.
Erkaklar va ayollar uchun umumiy bo‘lgan omillar orasida chekish, avtomobillari soni ko‘pligi va yurishi sekinligi o‘lim ehtimolini kuchaytirishi ma’lum bo‘lgan. Erkaklar uchun ular o‘z sog‘lig‘ini qanday baholashi muhim bo‘lsa, ayollar uchun saraton bilan kasallangani dolzarbligi aniqlangan.
Izoh (0)