Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev rahbarligida o‘tkazilgan Xorijlik sarmoyadorlar kengashi yig‘ilishida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti Nazarboyevning bobosi tegirmon ishlatgani haqida bilishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Today.kz”.
“Bobongizning qishloqda tegirmoni bo‘lganini bilaman. Siz o‘zingiz agrar kompleks nimaligini juda yaxshi bilasiz. Menga Qozog‘iston yoqishining sabablaridan biri mehmondo‘stlik va o‘ta mazali taomlaridir. Biz bugun qishloq xo‘jaligini muhokama qilayotganimizdan juda xursandman. Men Qozog‘istonning ko‘plab mahsulotlarini — Qizilo‘rda guruchini, Olma-ota olmasini va albatta Qozog‘iston bug‘doyidan yopilgan nonni tatib ko‘rganman. Biz Qozog‘iston qishloq xo‘jaligidagi ishtirokimizni oshiramiz”, — dedi Chakrabarti.
“Tegirmonga ega bo‘lgan va badavlat inson hisoblangan bobom haqida eslaganingiz men uchun ayniqsa yoqimli bo‘ldi. Biroq otam yangi sovet hukumati ta’qib qilmasligi uchun o‘zini kambag‘al qilib ko‘rsatgan. Taomlarimiz yaxshiligi haqidagi so‘zlaringizga kelsak, agar Yevropa banki prezidenti hamma yerda Qozog‘iston mahsulotlarini targ‘ib qilsa, shuning o‘zi agrar kompleksimiz uchun yordam bo‘ladi”, — dedi Nazarboyev.
Izoh (0)