O‘zbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari 28-may kuni Seulda o‘tkazilgan muzokaralar yakunida ikkala mamlakat o‘rtasida to‘qqizta hujjat imzolandi. Bu haqda Koreya Respublikasi Prezidenti rasmiy saytida ma’lum qilingan.
Avvalroq, Islom Karimov va Pak Kin Xe tomonidan davlat rahbarlarining birgalikdagi deklaratsiyasi imzolangani xabar qilingan edi. UzDaily ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Janubiy Koreya bundan tashqari yana to‘qqizta hujjat imzolagan.
Jumladan, ikkala mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari 2015—2017-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladi. Shuningdek, tomonlar ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi memorandumni va haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya 11 ta loyihani o‘z ichiga olgan 2015—2017-yillarda KOICA orqali hamkorlik qilish dasturini imzoladi.
O‘zbekiston va GS Engineering & Construction Corporation kompaniyasi tabiiy gazdan kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi doirasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Loyiha qiymati 4,5 milliard dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, tomonlar Janubiy Koreyaning Iqtisodiy rivojlanish hamkorligi jamg‘armasi (EDCF) orqali hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumini, EDCF mablag‘lari hisobiga maktablarni axborotlashtirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi loyihaviy shartnomani imzoladi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘rtasida sanoat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Koreya Eksimbanki o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Izoh (0)