O‘zbekistonning birinchi hamda ikkinchi raqamli tennischilari – Nigina Abduraimova va Oqgul Omonmurodova Parij shahrida davom etayotgan “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Rolan Garros” turniri, ya’ni Fransiya Ochiq chempionatining saralash bahslarida omadsizlikka uchradi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Har ikki tennischimiz saralashning ilk davra uchrashuvida kortga chiqib, raqibalariga yo‘lni bo‘shatib berdi. Oqgul Omonmurodova germaniyalik 23 yoshli Dina Pfitsenmayerga 6:1, 5:7, 3:6 hisobida imkoniyatni boy berdi. Abduraimova esa kolumbiyalik 25 yoshli raqibasi Mariana Duke-Marino qarshiligini sindira olmadi — 1:6, 2:6.
Eslatib o‘tamiz, “Rolan Garros” turnirning erkaklar o‘rtasidagi musobaqasi saralash bahslarida O‘zbekistonning ikkinchi raketkasi Farrux Do‘stov ham mag‘lubiyatga uchragan edi. U ilk saralash uchrashuvida avstraliyalik Lyuk Saveliga 6:3, 6:7, 4:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Endi asosiy to‘rda birgina hamyurtimiz Denis Istomin ishtirok etadi.
Izoh (0)