2015-yilning dastlabki uch oyida 1,1 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari inkassatsiya xizmatiga jalb etildi va ularning umumiy soni 115,6 mingtani tashkil etdi, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy sayti. Buning uchun respublika bo‘yicha 603 ta inkassatsiya yo‘nalishlari ochilgan.
Hozirgi paytda O‘zbekiston bo‘yicha salkam 14 mln dona plastik kartochka muomalaga chiqarilgan. Elektron hamyondan to‘lovlarni uzluksiz qabul qilish uchun tijorat banklari tomonidan 163 mingdan oshiq chakana savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari to‘lov terminallari bilan ta‘minlandi. To‘lov terminallarini chekka hududlardagi chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlariga ham o‘rnatish, eskilarini yangisi bilan almashtirish choralari ko‘rib borilmoqda. Aholi gavjum joylarda 2 mingga yaqin ko‘pfunksiyali infokiosk va bankomatlar o‘rnatildi.
Plastik kartochka egalari undan universal to‘lov vositasi sifatida foydalanib, kundalik ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va maishiy mahsulotlar, pullik, shuningdek, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni har qanday masofadan turib, istalgan vaqda amalga oshirishlar mumkin. Bunday qulaylik savdo va servis sohalaridan tushumlardagi ulushni 50 foizga yetkazish, oxirgi besh yil mobaynida esa butun to‘lovlar hajmini 3 marta oshishiga sharoit yaratdi. Ta’kidlash o‘rinliki, hozirgi paytda har oyda o‘rtacha 1,8 trln so‘mdan ortiq tovarlar va xizmatlar, shuningdek, 187 mlrd so‘m miqdoridagi kommunal to‘lovlar elektron tizimlar orqali amalga oshirilmoqda.
Plastik kartochkalardan foydalanish infratuzilmasini yanada kengaytirish maqsadida hozirgi paytda Markaziy bank tomonidan “Chakana to‘lovlarni real vaqt rejimida amalga oshirish kliring tizimini yaratish hamda xizmat ko‘rsatuvchilarning billing tizimi bilan integrallashuvi” loyihasining ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda Markaziy bank huzurida Hisob-kitob bankini tashkil etish va bank mijozlarining majburiyatlari bo‘yicha banklarning vakillik hisobvaraqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri debetlash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida Kliring tizimi bilan Davlat soliq qo‘mitasi axborot tizimi, “O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz” aktsiyadorlik kompaniyalari, Beeline mobil aloqa operatorining billing tizimlari integratsiya qilinib, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar, elektr va gaz iste’moli bo‘yicha to‘lovlarni real vaqt rejimida amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Hozirgi paytda Kliring tizimi faoliyatini kengaytirish uchun “O‘ztelekom”, Uzonline, Uzmobile, Ucell, Perfectum Mobile telekommunikatsiya korxonalari, “Suvsoz”, “Issiqlik quvvati”, “Maxsustrans” unitar korxonalari billing tizimlari bilan ulanish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda byudjet tashkilotlari ishchi-xizmatchilarining ish haqi qaydnomalarini UzASBO dasturidan foydalangan holda xizmat ko'rsatuvchi bankda ochilgan Uzcard EMV plastik kartalariga elektron shaklda yuborish imkonini beruvchi yangi tizim yaratilmoqda.
Izoh (0)