Chirchiq shahar sud-tibbiy ekspertiza bo‘linmasi ekspertining ish yurituviga bir fuqaro badanidagi tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash haqidagi qaror kelib tushdi, deb xabar beradi “Huquq” nashri.
Bu ishdan pul topishni maqsad qilgan ekspert jabrlanuvchining arzimagan janjal tufayli o‘ziga tan jarohati yetkazgan qo‘shnisi bilan o‘zaro kelishib olgani bois o‘zim yiqilib tushdim, degan gapiga ishonmadi.
Shundan so‘ng, ekspert aybdorga qo‘ng‘iroq qilib, uning ishi yomon ekanligi, ekspertiza xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchiga o‘rta yoki og‘ir tan jarohati yetganligini aytib, qamalib ketishi mumkinligini aytdi. Mutaxassis gap orasida 1000 dollar evaziga ishni aybdor foydasiga hal qilib berishi mumkinligini qo‘shib o‘tdi.
Qo‘shnisi bilan yarashib olgan aybdor esa bu taklifga rozilik bildirib, darhol tegishli organlarga ekspertning gaplarini yetkazdi. 2014-yil dekabr oyi o‘rtalarida ekspert va’da qilingan pulni olib, mashina yukxonasiga joylayotganida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
U Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi hukmi bilan 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)