Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
“Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi Xalq ta’limi vazirligining 2015-yil 16-apreldagi 119-sonli buyrug‘i bilan tashkil etildi.
Ushbu ko‘rik-tanlov uch bosqichda o‘tkazilib, tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ingliz tili o‘qituvchilari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga hamda ular orasidan haqiqiy professionallarni aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan.
Ko‘rik-tanlovning birinchi bosqichida qatnashishni xohlovchi ingliz tili o‘qituvchilari joriy yilning 1-may sanasiga qadar bestteacher@inbox.uz, bestteacher@xtv.uz elektron manzillariga ariza va chet tilida “How will I share my experience of taking part in the competition and study in the UK with other teachers?” (Ko‘rik-tanlovdagi tajribam va Buyuk Britaniya safari va o‘qishlari bo‘yicha taassurotlarim bilan qanday o‘rtoqlashaman?) mavzusida kamida 200 ta, ko‘pi bilan 250 ta so‘zdan iborat “Esse” (Essay) jo‘natishi lozim.
Ularning esselari o‘rganib chiqilib, 75 foiz va undan yuqori natija ko‘rsatgan talabgorlar ro‘yxati shakllantirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va barcha viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalariga jo‘natiladi.
Respublika bosqichida eng yuqori natija ko‘rsatgan chet tili o‘qituvchilari xorijiy davlatlarda malaka oshirish uchun yo‘llanmaga ega bo‘ladi.
Izoh (0)