Toshkent shahar hokimligi qaroriga binoan Toshkent shahar IIBB YHXB va Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida joriy yilning 10-aprelidan 10-mayigacha poytaxtda “Toza havo” tadbiri o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Matbuot xizmati xabar beradi.
“Gaz, benzin, dizel yoqilg‘isi bilan ishlaydigan har qanday avtomashinalar harakati davomida chiqadigan zaharli gazlarning me’yori belgilab qo‘yilgan, – dedi Toshkent shahar IIBB YHXB bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Nodir Tillaxo‘jaev. – Agar me’yordan oshib ketsa, havoni bulg‘aydi. Bu esa birinchi galda inson salomatligiga, atrof-muhitga, ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababdan ham barcha avtomashinalar doimiy ravishda tekshiruvdan o‘tkazib turiladi. Buning uchun maxsus gaz o‘lchagich asbobidan foydalaniladi. Tutun va is gazi miqdori belgilangan me’yordan oshib ketgan bo‘lsa, avtomashina egasiga amaldagi qonunlarga binoan chora ko‘riladi”.
Ayni kunlarda poytaxtga kirib kelish blok postlarida shahar IIBB YHXB hamda Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari birgalikda avtomashinalardan chiqadigan tutun va is gazining miqdorini tekshiruvdan o‘tkazmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, poytaxtda uchta diagnostika tarmog‘i ishlab turibdi. Bu tarmoqlarda har qanday rusumdagi avtomashinalarning tutun va is gazi chiqarish miqdori aniqlab beriladi. An’anaviy tadbirning o‘tkazilishida har bir avtomashina egasi, avtokorxonalardagi haydovchilar faol ishtirok etishi lozim.
Izoh (0)