8-aprel kuni ertalab soat 08:30 da Toshkent – O‘sh avtomagistralining Namangan viloyati Pop tumani hududidan o‘tgan 183-kilometrida fojiali avtohalokat yuz bergan edi. Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mazkur avtohalokat haqida batafsil ma’lumot berdi, deb xabar beradi “Darakchi” nashri.
Qayd etilganidek, avtohalokat natijasida 11 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Mazkur mash’um voqea MAN yuk avtomobili haydovchisining boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib ketganligi sababli sodir bo‘lgan. 62 yoshli haydovchi qarama-qarshi yo‘lda 2 ta Nexia yengil avtomobili bilan to‘qnashib ketgan. Avtomobillarning har birida haydovchidan tashqari, 4 nafardan yo‘lovchi bo‘lgan. Halokat yengil avtomobillardagi 10 kishining hamda yuk mashinasidagi bir yo‘lovchining hayotiga nuqta qo‘ygan.
Hodisada faqat yuk avtomobili haydovchisi tirik qolgan. MAN haydovchisi Pop tumani shifoxonasiga bosh miya chayqalishi va oyoq kaftining ochiq sinishi tashxisi bilan joylashtirilgan. Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh (0)