Qozog‘istonning Chimkent shahrida tennis bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 10 ming AQSh dollaridan iborat bo‘lgan turnirning asosiy to‘rida ikkinchi davra ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi. Ushbu musobaqaning asosiy to‘rida O‘zbekistondan 7 tennischi o‘z ishtirokini boshlagan bo‘lsa, ulardan 4 nafari kurashni davom ettirish huquqiga ega bo‘ldi, deb xabar beradi Olamsport.com.
O‘zbekistonlik iste’dodli tennischi Albina Xabibulina ilk davrada belaruslik Viktoriya Munni 6:3, 6:2 hisobida taslim etdi. Turnirda 3-raqam ostida tasniflangan Vlada Yakshibvarova O‘zbekistonning yana bir vakili Amina Muxametshinadan 7:5, 6:0 hisobida ustun keldi. Polina Merenkova turnirning oltinchi tartib raqamli tennischisi qozog‘istonlik Yekaterina Klyuyevani musobaqadan chiqarib yubordi - 6:3 6:2.
Sakkizinchi raketka Arina Fols esa rossiyalik Kseniya Dmitriyevani 6:4, 4:6, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Go‘zal Yusupova qirg‘izistonlik Kseniya Palkinaga ikki setda ham bir xil 1:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Saralash bahslari orqali asosiy to‘rga yo‘llanma olgan Shahnoza Xotamova turnirning 7-raketkasi rossiyalik Lyubov Vasilyevaga qarshilik ko‘rsata olmadi - 1:6, 0:6.
Izoh (0)