Bu yil “Jasorat, burch, matonat” shiori ostida nishonlanadigan 9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida O‘zbekistondagi barcha ta’lim maskanlarida Tinchlik darsi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda O‘zA.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan ushbu darslarni yuqori saviyada tashkil etish uchun tegishli reja ishlab chiqilib, zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shakllantirilgan ishchi guruhi tomonidan “Jasorat, burch, matonat” nomli uslubiy tavsiya hamda Tinchlik darsi ishlanmasi, mashg‘ulot uchun maxsus o‘quv reja va tavsiyalar yaratilmoqda. Darslar Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa qator tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilishi, ularga urush va mehnat fronti faxriylari, elda obro‘ topgan, katta hayot tajribasiga ega tabarruk otaxon va onaxonlar, olimlar, adabiyot, ma’naviyat, san’at, ta’lim fidoyilari jalb etilishi mashg‘ulotlarning yanada sermazmun bo‘lishini ta’minlaydi.
Dars jarayonida bu yilgi bayramning fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 70 yilligiga hamohang nishonlanayotgani, O‘zbekistonning g‘alabaga qo‘shgan hissasi, O‘zbekistondan frontga jo‘nab ketgan o‘g‘lonlarning jasorati, yurtdoshlarimizning front ortidagi matonatli va fidokorona mehnati, O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan go‘daklar, onalar, qariyalar, bemorlarga ko‘rsatilgan mehr-muruvvat, saxovat, bag‘rikenglik haqida so‘zlab beriladi.
O‘zbekiston Prezidentining “Tarixiy xotirasiz – kelajak yo‘q”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kabi asarlarida O‘zbekistonda, butun mintaqada tinchlikni asrash, yosh avlod ong-u shuurida Vatan kelajagi, uning osoyishtaligi, ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatni kuchaytirishga doir dolzarb fikrlar Tinchlik darsi davomida o‘quvchilarga hayotiy misollar bilan tushuntiriladi.
O‘quv dargohlarida urush va mehnat fronti faxriylari bilan davra suhbatlari, muloqotlar tashkil etiladi. Qurolli Kuchlar davlat muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi, joylardagi muzeylarga ekskursiyalar uyushtirilib, ularda o‘quvchilar uchun ochiq darslar o‘tkaziladi.
Oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilaridan iborat targ‘ibot guruhi ishtirokida o‘quv muassasalarida O‘zbekistondagi tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, mustaqillikning ulug‘ ne’matlari, cheksiz imkoniyatlarining qadriga yetish, bu yo‘lda doimo hushyorlik va ogohlikni, mas’uliyatni his etishga oid targ‘ibot ishlari olib boriladi.
Izoh (0)