Qashqadaryo viloyati bojxonachilari tomonidan “Qarshi” xalqaro aeroportida uchuvchisiz uchish qurilmasini yashirin ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olindi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
Moskva−Qarshi aviareysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro Qurbonovaga tegishli qo‘l va yuk sumkalari u tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilgan ma’lumotlar asosida va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, yuklar orasiga bojxona bayonnomasida qayd qilinmagan hamda amaldagi tartiblarga muvofiq, respublikamiz hududiga olib kirilishi ta’qiqlangan uchuvchisiz uchish qurilmasi yashirilganligi fosh bo‘ldi.
Tegishli sud idorasi hukmiga ko‘ra, huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan 592 000 so‘m jarima belgilanib, vaqtincha saqlovga olingan ZYMA X5C rusumidagi muqaddam foydalanilgan uchish qurilmasi belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Eslatib o‘tamiz, davlat xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘ida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan sanksiyasiz foydalanishda ogohlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 26-noyabrdagi qarori bilan 2015-yil 1-yanvardan boshlab, mamlakatimiz hududiga uchuvchisiz uchish apparatlarini (TIF TN kodi: 8802 20 000 0) olib kirish, realizatsiya qilish va foydalanish taqiqlangan.
Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 26-yanvarda 2606-1 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi yo‘riqnomaga ko‘ra bojxona chegaralarini kesib o‘tish vaqtida to‘ldiriladigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi orqa tomonidagi eslatmaning 1-bandidagi “O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovarlar ro‘yxati”ga uchuvchisiz uchish apparatlari ham kiritilgan.
Izoh (0)