Qoroqalpog‘istonlik futbol muxlislari O‘zbekiston Kubogi 1/16 finali doirasida Nukus shahridagi “Turon” stadionida bo‘lib o‘tadigan “Orol” va G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga FIFA referisi Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasini tayinlanishini PFLdan so‘radi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”. Quyida ushbu murojaat matnini taqdim etamiz.
O‘zbekiston futbolini jahonga tanitish borasida Ravshan Ermatovning bugungi kundagi mehnati e’tirofga sazovordir. U haqida gapirish har bir o‘zbekistonlik muxlislari uchun yoqimli mavzudir. Jahon chempionatlari tarixida hozircha eng ko‘p o‘yinni boshqargan va qolaversa, Osiyoning besh karra eng yaxshi hakami.Osiyo kubogi−2015 ochilish uchrashuvini o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov boshqarishi haqidagi xabarni eshitganimda boshqalar kabi men ham xursand bo‘ldim, u bunga juda ham haqli edi. OFK rahbariyatining bizning hakamimizga “A” guruhi vakillari — Avstraliya va Quvayt o‘rtasidagi ochilish uchrashuvni ishonib topshirishi, bu o‘zbek hakamiga bergan eng yuqori bahodir. Xo‘sh, qaysi hakam ilk uchrashuvni boshqarishni istamaydi deysiz. Bu barcha hakamlar uchun katta sharafdir.
R.Ermatovning nufuzli musobaqaning ochilish o‘yinini hisob bo‘yicha uchinchi marta boshqarib borishi edi. U bundan tashqari 2010-yil Janubiy Afrika Respublikasida o‘tgan jahon chempionatining ochilish uchrashuvida maydon egalari JAR va Meksika, shuningdek 2012-yilning yozida o‘tgan London olimpiadasining ochilish uchrashuvida Buyuk Britaniya − Senegal o‘yinini ham boshqargan.
Ravshan Ermatovning barcha musobaqalarda boshqargan o‘yinlarini kuzatar ekanmiz, bir narsaga amin bo‘ldik-ki, u o‘yinni odilona boshqarishi, maydonni yaxshi ko‘ra olishi, bo‘lar-bo‘lmasga hushtak chalavermasligi, o‘yin tempiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi, tezkorligi, kuchli jismoniy tayyorgarlikka ega ekanligi va o‘yinni tushunishi, qoidalarni yaxshi bilishi, futbolchilar bilan til topishish bo‘yicha ham kuchli xarakterga ega ekanligi, uchrashuv davomida o‘yinchilarga nohaq kartochkalar bermasligi, o‘z qarorlarini o‘z vaqtida aniq qabul qilishi tufayli, hattoki futbolchilar ham u bilan bahslashishmaydi. Ravshan Ermatov tabiatan kamtar va o‘zining bu xislatini saqlab qolgan. Uning falsafasi hurmat, odob va kuchli xarakterga asoslangan.
Hurmatli Farhod Abdualiyevich,
Biz, qoroqalpog‘istonlik futbol muxlislari sizdan shuni iltimos qilamizki, O‘zbekiston Kubogi 1/16 finali doirasida Nukus shahridagi “Turon” stadionida bo‘lib o‘tadigan “Orol” va G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga FIFA referisi Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasini tayinlashingizda yordam berishingizni so‘raymiz.
Zero, Ravshan Ermatov hali Qoraqalpog‘istonda hakamlik qilgani yo‘q. Agar u Nukus shahriga tashrif buyurib ushbu uchrashuvda hakamlik qilsa, bu qoraqalpog‘istonlik futbol ishqibozlari uchun haqiqiy bayramga aylangan bo‘lar edi. Umid qilamizki, PFL bizni ana shunday bayramdan bahramand bo‘lishimizga katta yordam beradi.
Hurmat bilan, qoraqalpog‘istonlik muxlislar nomidan
Abdumajid Qodirov va Furqat Yusupov.
Izoh (0)