OAV: Hindistonda Dhanush raketasi sinovi muvaffaqiyatli o‘tdi
Hindistonda Dhanush turkumidagi raketa uchirilish sinovi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu haqda Hindiston mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti (DRDO) ma’lumotiga tayanib “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Raketa mahalliy vaqt bilan 9-aprel kuni 11:02 (Toshkent vaqti bilan 10:32)da Odisha shtati sohilida harbiy kemadan uchirilgan. “Raketa suvdagi mo‘ljalni yuqori darajadagi aniqlik bilan nishonga oldi”, – deyiladi xabarda.
Dhanush – Prithvi-II turkumidagi dengiz raketasi sinfiga mansub bo‘lib, 500 kilogrammgacha og‘irlikdagi yadroviy o‘q-dorilarni olib o‘tishga qodir. U tashkilot olimlari tomonidan ishlab chiqilgan besh raketaning biri hisoblanib, u ham suvdagi, ham quruqlikdagi nishonni yo‘q qilish imkoniyatiga ega.