Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 1:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘yindan keyin fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
“Natijadan qoniqmadim, albatta. Bugun biz o‘z imkoniyatlarmizdan past darajada o‘ynadik. Yaponiya kabi jamoaga qarshi o‘yinda shuncha xatoga yo‘l qo‘ysang — jazolanasan.
Uchrashuvning o‘rtoqlik ahamiyatini nazarda tutib, ochiq futbol ko‘rsatishga harakat qildik va ikki hujumchi bilan o‘ynadik. Ammo raqib hujumda ham, himoyada ham ajoyib o‘yin namoyish qildi. Ayniqsa, yaponlarning tezkor qarshi hujumlarini alohida ta’kidlagan bo‘lar edim. Ular aniq va tezkor futbol namoyish etishdi. Albatta, yetakchi o‘yinchilarimizning yo‘qligi ham sezildi, ammo o‘rtoqlik uchrashuvlari aynan shu uchun — zaxiradagilarni sinash uchun tashkil qilinadi.
Uchrashuv davomida raqib darvozasi oldida ko‘p vaziyatlar yaratdik, ammo ulardan foydalana olmadik. Natijada tabloga shunday hisob aks etdi. Shunga qaramay, tushkunlikka tushish va qo‘llarimizni tushirmasligimiz kerak. Rasmiy o‘yinlargacha yaxshi tayyorlanib, xulosalar chiqarib olishimiz kerak. Ungacha yana bir nazorat uchrashuvi o‘tkazamiz”, − dedi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.
Izoh (0)