Bahorgi ta’til kunlari O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Xalq ta’limi vazirligining axborot xizmati.
Musobaqalarda o‘quvchi-yoshlar sportning 12 ta turi bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Bular: badiiy gimnastika, badminton, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, taekvando VTF, suzish, shaxmat, erkin kurash, yunon-rum kurashi turlaridir.
Musobaqalarning viloyat bosqichida jami 55 ming 787 nafar o‘quvchi qatnashgan bo‘lib, ulardan 18 ming 863 nafarini qiz bolalar tashkil qiladi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 672 nafar ishtirokchi joriy yil Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tadigan musobaqaning respublika final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, sportning 5 ta turi (basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi, futbol va boks) bo‘yicha mintaqaviy saralash bosqich musobaqalari joriy yilning 13-25-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, “Umid nihollari” sport musobaqalari 2002-yildan boshlab umumta’lim maktablarning 5-9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida sportning 12 turi bo‘yicha o‘tkazib kelingan edi. Joriy yildan o‘quvchilar sportning 17 ta turida bellashadi.
Izoh (0)