Qarshi shahridagi viloyat onkologiya dispanserining yangi va rekonstruksiya qilingan binolari foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi O‘zA.
Tibbiyot muassasasining ochilish marosimida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot maskanlarini zamonaviy asbob-uskunalar va malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
120 o‘ringa mo‘ljallangan dispanserda 5 milliard so‘mlikdan ortiq qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Muassasaning bolalar, ginekologiya va reanimatsiya bo‘limlari yangi, bo‘yin-bosh, jarrohlik va diagnostika bo‘limlari rekonstruksiya qilingan binolarda faoliyat yuritmoqda.
Joriy yil oxiriga qadar muassasaga navbatdagi zamonaviy tibbiy uskunalar keltiriladi. Umuman, keyingi yillarda viloyatdagi tibbiyot muassasalariga e’tibor kuchaydi. Xususan, o‘tgan yili shu maqsadlar uchun 15 milliard 700 million so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Qarshi shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi, viloyat sil kasalliklariga qarshi kurashish dispanseri, Qarshi, G‘uzor, Mirishkor, Yakkabog‘ tumanlari tibbiyot birlashmalari kapital ta’mirlandi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z. Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.
Izoh (0)