AQShning Florida shtati Mayami shahrida tennis bo‘yicha ham ayollar, ham erkaklar o‘rtasida “Masters” seriyasiga kiruvchi yirik turnirlarning asosiy to‘r bahslari davom etyapti. Mukofot jamg‘armasi 6 million 157 ming 160 dollardan iborat musobaqada O‘zbekistonlik Denis Istominning ham ishtirok etayotgan edi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi ilk davrada saralash bahslari g‘oliblaridan biri amerikalik Ostin Kraychekka qarshi kortga chiqdi. 1 soat-u 12 daqiqa davom etgan uchrashuvda dunyo reytingida 146-pog‘onada borayotgan Kraychek 6:4, 6:4 hisobida g‘alaba qozonib, ikkinchi davraga yo‘l oldi.
Taqqoslash uchun, Istomin dunyo reytingida 63-o‘rinni egallab turibdi. Bu mag‘lubiyatdan so‘ng u endi reytingda o‘z o‘rnini yana ham pasaytirib olishi aniq. Ikki tennischi o‘rtasidagi hisob esa tenglashdi – 1:1. Shu tariqa, Denis Istomin Mayamidagi ishtirokini muddatidan ancha avval yakunladi.
Izoh (0)