Toshkentdagi Inxa universiteti yaqin orada qobiliyatli yoshlar bilan ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan markaz ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda universitet vakili Sanjar Saidxo‘jayev Startup Mix tadbiri doirasida ko‘rsatgan “Toshkentdagi Inxa universitetining axborot texnologiyalari sanoati bilan hamkorligi yo‘nalishlari” mavzusidagi taqdimotida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Mobinfo.uz”.
Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishi iste’dodli yoshlar bilan ishlash, ularning g‘oyalari, dasturiy ta’minot ishlanmalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, o‘z faoliyatini qurishga yordam berishdan iborat bo‘ladi. Buning uchun universitet maxsus jamg‘arma tashkil etishni rejalashtirmoqda. Universitet vakillarining so‘zlariga ko‘ra, oliygohning vazifasi oddiy dasturchilarni emas, balki axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchilarni tayyorlashdir.
Bundan tashqari, universitet to‘rt qavatli yangi kampus binosini qurishni, IBM, Oracle, Cisco singari sohaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilishni, dasturlash bo‘yicha turli tanlovlar o‘tkazishni, Kompyuter tarixi muzeyini tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.
Izoh (0)