O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin AQShning Indian-Uels shahrida davom etayotgan “Masters” seriyasiga kiruvchi yirik turnirdagi ishtirokini muddatidan avval yakunladi, deb xabar bermoqda “Olamsport.com”.
Istomin dunyoning 16-raketkasi Roberto Bautista Agutga qarshi kortga chiqdi. Ispaniyalik raketka ustasi o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichdan boshlagan, Istomin esa ilk davrada amerikalik Ostin Kraychekni 7:6, 6:4 hisobida taslim etgan edi. Agutga qarshi bahs 1 soat-u 20 daqiqa davom etdi va unda ispaniyalik tennischi 6:4, 6:3 hisobida zafar quchdi.
Bu ikki tennischining o‘zaro ilk uchrashuvi bo‘ldi. 26 yoshli Roberto 3 ta breyk-poyntdan foydalandi. Dunyo reytingida 65-o‘rinni egallab turgan 28 yoshli Istomin 3 ta eys zarbasini amalga oshirdi va 2 marotaba qo‘sh xatoga yo‘l qo‘ydi.
Eslatib o‘tamiz, ATP World Tour Masters 1000 toifasiga kiruvchi BNP Paribas Open turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 5 million 381 ming 235 dollarni tashkil qiladi.
Izoh (0)